Nega jo'natma kilogramda emas, hajmda hisoblanadi?

Yukim yengil edi-ku, nega narx qimmat chiqdi? Operatorlarimiz haftasiga bir nechta mijozdan "Mening jo'natmam og'ir emas, narxi nega bunchalik qimmat?", "Nega ba'zi jo'natmalarga kilogrammda emas, hajm hisobida narx hisoblanadi?" mazmunidagi savollarni olishadi. Ayni turdagi savollarga yaxlit javobni ushbu post orqali — kuryerlik kompaniyalarida yuklarga narx hisoblashda qo'llaniladigan "hajmiy vazn" tushunchasi orqali — atroflicha tushuntirib berishga harakat qilamiz. Yuk mashinasini tasavvur qiling! Tasavvur qiling, bir vaqtning o'zida ikkita quti jo'natilyapti: birida kitoblar, ikkinchisida par yostiqlar. Kitob qutisi kichkina, lekin og'ir; par yostiq qutisi hajmi (gabariti) katta bo'lgani bilan deyarli hech qancha vazn bosmaydi, biroq mashinada ancha joy egallaydi. Xo'sh, tashuvchi uchun qay bir yuk "qimmatroq"? Odatda, zichlik katta bo'lgani uchun mashina yukxonasiga kitob ortilgan qutilardan bir nechtasini (bir necha o'nlab tasini) sig'dirish mumkin. Ayni bir xil hajmdagi yukxonaga par yostiq ortilgan qutilardan ancha kam miqdorda, balki faqat 3–4 ta quti sig'dirish mumkin, xolos. Chunki par yostiqning hurpaygan gabariti mashina yukxonasida kattaroq joy egallaydi. Demak, mashina yukxonasida asosiy o'lchov faqat og'irlik emas, balki joy hamdir. Nega "hajmiy vazn" tushunchasi mavjud? Xalqaro logistikada "hajmiy vazn" (ingliz tilida "volumetric weight") tushunchasi mavjud. Bu tushunchaning mantig'i oddiy: jo'natmaning tarozidagi haqiqiy vazni bilan uning o'lchamidan hisoblab chiqilgan shartli "hajmiy vazni" solishtiriladi va jo'natma narxini hisoblash uchun ulardan kattarog'i tanlanadi. Hajmiy vazn quyidagi formula asosida hisoblanadi: Uzunlik (sm) × Kenglik (sm) × Balandlik (sm) ÷ 5000 = Hajmiy vazn (kg) (Eslatma: hajmiy vaznni hisoblashda 5000 ga bo'lish qoidasi xalqaro standart hisoblanadi, biroq bu hisoblash O'zbekiston doirasida 6000 ga bo'lish orqali amalga oshiriladi.) Masalan, 60×50×40 sm o'lchamdagi quti: 60×50×40 = 120 000, buni 5000 ga bo'lsak — 24 kg. Bu qutining tarozidagi haqiqiy og'irligi bor-yo'g'i 5 kg bo'lsa ham, u jo'natishda 24 kglik shartli yuk sifatida hisoblanadi — chunki bu quti mashina yukxonasida aynan shuncha joy egallaydi. Holatni yanada aniq tushunish uchun ikkita real mahsulot orqali taqqoslama tahlilni ko'raylik: Misollarda ko'rsatilganidek, har ikki holatda ham ko'rsatkichning kattarog'i narx hisoblashda asos qilib olinadi. Bu turdagi hisoblash faqat EMU Expressning o'ziga xos qoidasi emas — DHL va FedEx kabi xalqaro kompaniyalar ham xuddi shu tamoyil va formula asosida yuklarga narx hisoblaydi. Jo'natish xarajatlarini qanday kamaytirish mumkin? Shu o'rinda, yuk jo'natishda xarajatlarni kamaytirish bo'yicha bir nechta amaliy maslahat berib o'tamiz: Qutida bo'sh joy qoldirmang — mahsulot qanchalik zich joylashsa, hajm shunchalik kichrayadi; Yumshoq buyumlarni (kiyim, yostiq, o'yinchoq) qadoqlashdan oldin bosib, siqib yoki havosini tortib olib, so'ng joylashtiring; Bir nechta mayda buyumni alohida-alohida emas, bitta qutiga birlashtiring — bu ham qadoqlash, ham yo'l xarajatini tejaydi. Xulosa qilib aytganda, pochta va kuryerlik kompaniyalarining yuklar narxini hisoblashdagi hajmiy vazn formulasi muhim mantiqiy faktga asoslanadi. Mijoz mashina yukxonasini 10 kilogramm par bilan to'ldirgan holda, to'lovda faqat 10 kilogramm uchun narx hisoblashni talab qilsa, bu summa oxir-oqibat hatto mashinaning bazaviy xarajatlarini ham qoplay olmaydi. Pochta va kuryerlik kompaniyalarida narxlarimiz aynan shu haqiqatdan kelib chiqib belgilanadi. Umidjon Ahunjonov — Marketing va sotuv mutaxassisi