O'zbekistonda pochta tarixi

O'zbekiston hududi ming yillar davomida Buyuk ipak yo'lining chorrahasi bo'lgan, shuning uchun bu yerda xat va xabar almashish juda erta rivojlangan. Bu maqolada So'g'd savdogarlaridan Somoniylar devoniga, Temur choparlaridan uch ot qo'shilgan pochta aravasiga, birinchi telegrafdan bugungi "O'zbekiston pochtasi"gacha bo'lgan yo'ldagi pochta tarixiga nazar solamiz. Samarqand savdogarlarining 1700 yil avval yetib bormagan xatlari 1907-yilda arxeolog Aurel Steyn Dunxuandan taxminan 90 km g'arbdagi qadimiy xitoy qorovul minorasi xarobalaridan topgan "Qadimgi so'g'd xatlari"da Xitoyda yashagan so'g'd savdogarlarining Samarqand va boshqa shaharlardagi o'z yaqinlari hamda sheriklariga yuborgan xatlari saqlanib qolgan. Ular so'g'd tilidagi eng qadimiy yirik matnlar va O'rta Osiyo savdogarlari yozishmalarining eng qadimiy namunalaridan biri hisoblanadi. Xatlar tarixi milodiy 312–313-yillar atrofidagi davrlarga borib taqaladi. Steyn Dunxuandan topilgan "Qadimgi so'g'd xatlari" Xatlardan ikkitasini Miwnay ismli ayol yozdirgan. Xatda ma'lum bo'lishicha, Eri Nanai-dhat uni qizi Shayn bilan Dunxuanda tashlab ketgan. Miwnay eriga "Senga xotin bo'lgandan ko'ra it yoki cho'chqaga xotin bo'lganim yaxshiroq edi!" deb yozadi. Afsuski, boshqa xatlar kabi bu xat ham egasigacha yetib bormagan. Somoniylar davri: Buxorodagi "barid" devoni Arab xalifaligi O'rta Osiyoga "barid" – davlat choparlari xizmatini olib kelgan. Choparlar xachir, ot, tuya yoki piyoda rasmiy xatlarni Damashq, Bag'dod hamda Buxoro kabi hududlar poytaxtlariga yetkazgan. Bu davlat muassasasi bo'lgani uchun shaxsiy xatlar faqat istisno tariqasida tashilgan. Barid choparlari nafaqat xat tashigan, balki viloyatlardagi amaldorlar ustidan hukmdorga maxfiy hisobot ham yuborgan – ya'ni pochta ayni paytda razvedka xizmati bo'lgan. Somoniylar davlatida, Nasr II (914–943) davridan boshlab, poytaxt Buxoroda pochta boshlig'i (sohib al-barid) va "mushrif" – axborot yig'uvchi uchun alohida devonlar ishlagan. Bu haqda buxorolik tarixchi Narshaxiy "Buxoro tarixi" asarida yozib qoldirgan. Amir Temurning "yam" tizimi: o'rta asrlar ekspress pochtasi Temur saltanati mo'g'ullardan qolgan "yam" – ot almashtirish bekatlari tizimini davom ettirgan. Yo'llar bo'ylab ma'lum masofada otlar tayyor turgan bekatlar bo'lgan. Choparlar charchagan otni yangisiga almashtirib, kechayu kunduz yo'l bosgan va shu sababli hukmdor farmoni saltanatning bir chetidan ikkinchisiga qisqa muddatda yetib borgan. Rui Gonsales de Klavixo kundaligining 1782-yilgi nashri 1404-yil sentabrida Samarqandga kelgan Kastiliya elchisi Rui Gonsales de Klavixo Tabrizdan Samarqandgacha yo'lida davlat hisobidan saqlanadigan bu bekatlarni bir necha bor hayrat bilan tasvirlagan. "Chopar" so'zi o'zbek tiliga fors tilidagi "chapar" (tezkor chopar) so'zidan kirgan. Bu atama Temurdan ancha oldin, mo'g'ullar va Elxoniylar davrida ham keng ishlatilgan. Xonliklar davri: chopar, elchi va choyxonadagi xabarlar XIX asr o'rtalarigacha Buxoro amirligi, Xiva va Qo'qon xonliklarida pochta eng oddiy ko'rinishda bo'lgan. Xat tashish vazifasini piyoda yoki otliq "chopar" va "elchi"lar bajargan, ammo ular faqat davlat, xonlar, boylar va yirik savdogarlarga xizmat qilgan. Bu davrda oddiy xalq uchun pochta yo'q edi: pochta qutilari ham, alohida pochta idoralari ham bo'lmagan. Xabarlar yodlab olinib, og'izdan og'izga - choyxonalarda, bozorlarda va masjidlarda uzatilgan. XIX asr oxirida Buxoro Afg'onistonda o'z pochta agentligini ochgan. U hozirgi Mozori Sharif hududida joylashgan bo’lib, Buxoro bilan boshqa hududlar o'rtasidagi savdo xatlarini o'tkazgan va afg'on markalaridan foydalangan. Agentlik 1922-yil boshlarigacha ishlagan. Rossiya imperiyasi davri: trakt, telegraf va temir yo'l 1865-yilda Toshkent Rossiya imperiyasi tomonidan egallandi, 1867-yilda esa Turkiston general-gubernatorligi tuzildi. Yangi hokimiyat hududni boshqarish va savdoni rivojlantirish uchun jadal sur'atlarda pochta yo'llari va idoralarini qura boshladi. Pochta Orenburg–Toshkent trakti bo'ylab uch ot qo'shilgan aravalarda tashilgan, yo'lda ularni kazaklar qo'riqlagan. 1870-yillarda Toshkent imperiyaning telegraf tarmog'iga ulandi va xabarlar endi kunlar emas, soatlar ichida yetib bora boshladi. Temir yo'l qurilishi bilan pochta yanada tezlashdi: Zakaspiy temir yo'li 1888-yilda Samarqandga, 1899-yilda Toshkentga yetib keldi, 1906-yilda esa Orenburg–Toshkent temir yo'li ishga tushdi. Turkiston o‘lkasida pochta tashish tizimi Qiziq faktlar: · Pochta uch ot qo'shilgan aravada tashilgan va uni qurollangan qo'riqchilar kuzatib borgan. Xo'jand–O'ratepa–Jizzax–Samarqand yo'lida ikki qurolli pochtachi bilan birga o'nta kazak pochtani qo'riqlagan. · Dastlab Toshkent–Chimkent kabi yo'nalishlarda pochta oyiga atigi bir marta, Toshkent–Xo'jand yo'lida esa oyiga ikki marta qatnagan. Xatlar manzilga oylab yetib borgan. · 1895-yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon Xivada shvedlarning "L.M. Ericsson" firmasi uskunasida 20 raqamli birinchi xususiy telefon stansiyasini qurdirgan. · 1901-yilda Toshkent bilan Chimyon o'rtasida quyosh nuri va oyna yordamida xabar uzatuvchi geliograf aloqasi yo'lga qo'yilgan va undan pullik shaxsiy xabarlar uchun ham foydalanish mumkin bo'lgan. · 1913-yilda Turkistonda 2,8 million xat, 5 mingta posilka va 150 ming telegramma qabul qilingan. Sovet davri: aviapochtadan velosipedli pochtachigacha Fuqarolar urushi yillarida Turkiston o'lkasi pochtasi og'ir ahvolga tushib qolgan. 1918-yil maydan 1920-yil aprelgacha Turkiston markazdan, ya'ni Rossiyadan uzilib qoldi. Ular o'rtasidagi yagona aloqa vositasi Toshkent radiostansiyasi edi. Shu sababli 1919-yil o'rtalariga kelib Toshkent pochta idorasida jo'natilmagan 21 mingga yaqin buyurtma xat va 20 mingdan ortiq oddiy xat to'planib qolgan. Qishloq pochtachisi kolxozchi – brigadir Maringa gazeta olib keldi · 1924-yil yozi. O'zbekiston hududidan o'tgan birinchi pochta aviayo'nalishlari ochildi: Toshkent – Avliyoota – Pishpek – Olmaota hamda Yangi Buxoro – To'rtko'l – Xiva. Bu yo'nalishlarning umumiy uzunligi 600 km bo'lgan; · 1926–1927-yillar. Toshkent – Samarqand – Termiz – Dushanbe (930 km) va Chorjo'y – Xiva – Termiz aviayo'nalishlari ishga tushdi. Shu yillardan boshlab pochta jo'natmalari avtomobillarda ham tashila boshlandi; · 1931-yil. Qishloq va kolxozlarga xat hamda gazeta yetkazish uchun "kolxoz pochtachisi" lavozimi joriy etildi; · 1936-yil. Bir yilda 227 ta yangi aloqa bo'limi ochildi va respublikadagi pochta bo'limlari soni 471 taga yetdi. Qishloq pochtachilariga velosipedlar berildi; · 1941–1945-yillar. Urush yillarida front va front orti o'rtasida xat hamda posilkalarni uzluksiz yetkazish pochtaning asosiy vazifasiga aylandi. Mustaqillik davri 1991-yilda mustaqillikka erishgach, O'zbekiston o'z milliy pochta tizimini shakllantirdi va 1994-yilda Butunjahon pochta ittifoqiga a'zo bo'ldi. Bugun "O'zbekiston pochtasi" xat va posilkalardan tashqari xalqaro jo'natmalar, EMS va moliyaviy xizmatlarni ham ko'rsatadi. Mustaqil O'zbekistonning birinchi markasi siyosatchi yoki bayroq emas, shoira Nodirabegim tasviri bilan chiqqan. 2005-yilda O'zbekistonda yangi olti xonali pochta indekslari joriy etildi: birinchi ikki raqam viloyat markazini, keyingi ikkitasi tumanni, oxirgi ikkitasi pochta bo'limini bildiradi. Mustaqillik yillarida EMU Express kabi xususiy kuryerlik va ekspress-yetkazib berish kompaniyalari ham paydo bo'ldi. Ular jo'natmalarni ofisdan-ofisgacha, uydan-uygacha yetkazish, onlayn kuzatish va elektron tijorat uchun fulfilment xizmatlarini taklif qilmoqda. Xulosa So'g'd savdogarining yetib bormagan xatidan Somoniylar devoni, Temur choparlari, kazaklar qo'riqlagan pochta aravasi va birinchi aviapochtagacha — O'zbekiston hududi pochta tarixining deyarli barcha bosqichlariga guvoh bo'lgan. Bu tarix xabar yetkazish har doim savdo, davlat boshqaruvi va insoniy munosabatlarning asosi bo'lganini eslatadi.
