Chet eldan mahsulot buyurtma qilsam boj tartibi qanday?

"Pochta orqali chet eldan boj va soliq to'lovsiz qancha mahsulot buyurtma bera olaman?", "Chetdan o'zim olib kelsam qancha narsa olib o'tsam bo'ladi?" kabi savollarni deyarli har kuni eshitamiz. Ma'lumot uchun, O'zbekistonda bitta emas, balki to'rtta turli kanal uchun to'rtta turli norma amal qiladi, shuning uchun ham ko'pchilik bu normalarni bir-biri bilan chalkashtiradi. Keling, har birini alohida-alohida, aniq raqamlar bilan ko'rib chiqamiz. To'rt kanal - to'rt xil norma Ushbu jadval 2025-yil 19-aprel qaroriga muvofiq 2025-yil 1-maydan kuchga kirgan, avvalgi $2000/$1000 choraklik normalardan pasaytirilgan yangi ko'rsatkichlarni aks ettiradi. Har bir kanal bo'yicha batafsil Oddiy pochta orqali olib kelsangiz (Xitoy Post, EMS, Uzpost va h.k.) Mahsulot olib kirishning boj to'lovisiz eng past chegarasi oddiy pochtada: siz faqat $100 gacha qiymatdagi buyurtmalarnigina oddiy pochta orqali olib kira olasiz. Agar Aliexpress yoki Taobao'dan kichik, arzon buyum (masalan, telefon g'ilofi yoki kichik aksessuar) buyurtma qilsangiz, odatda bu chegaradan chiqmaydi. Kuryerlik xizmati orqali (iPost, Tez-Tez, Temu/Pinduoduo'ning yetkazib berish tizimlari orqali) 2025-yil 1-maydan boshlab kuryerlik xizmatlari orqali norma bir kalendar oyiga $200 gacha pasaytirildi (avvalroq bu choraklik $1000 edi). Bu - choraklik emas, oylik chegara bo'lib, bir kalendar oyda bir nechta kichik buyurtma qilsangiz, ularning jami qiymati $200 dan oshmasligi kerak. Rasmiy izohga ko'ra, bu o'zgarishning asl sababi sifatida 2024-yilda O'zbekistonga 5,7 million dona jo'natma kirib kelgani va ularning 90 foizdan ortig'i aynan $200 atrofidagi qiymatga ega bo'lgani, ya'ni yangi chegara "o'rtacha jo'natma" hajmiga ko'ra moslashtirilgan. Shu o'rinda aytib o'tish joizki, boshqa ko'plab davlatlardan farqli o'laroq, O'zbekistonda davlatga kiruvchi jo'natmalar qo'shilgan qiymat solig'iga (QQS) tortilmaydi (belgilangan hollarda boj, QQS va aksiz o‘rniga yagona bojxona to‘lovi qo‘llanadi) va faqat belgilangan me'yordan oshgan qismigagina bojxona to'lovi olinadi. O'zingiz olib kelsangiz (shaxsan chegaradan o'tganda) Agar siz shaxsan chet elga borib, u yerdan mahsulot sotib olib qaytsangiz, transport turiga qarab norma farqlanadi: havo orqali $1000, temir yo'l/daryo orqali $500, avtomobil yoki piyoda o'tish punktidan $300 gacha miqdorlarga bojxona to'lovisiz ruxsat etiladi. Shu o'rinda ta'kidlab o'tish joizki, 2025-yil 20-iyuldan boshlab, shaxsiy ehtiyojlar uchun mahsulotlarni bojsiz olib kirish uchun xorijda ma'lum muddat bo'lganingiz talab qilinadi (temir yo‘l/daryo/avtomobil orqali — kamida 2 kalendar kun, havo transportida — kamida 3 kalendar kun) - ya'ni bir kunlik "shopping-tur" endi avtomatik ravishda bojsiz normaga tushmaydi. Bundan tashqari, bir kalendar oy davomida xorijiy davlatda 3 yoki undan ortiq marta bo‘lish holatida ham bojsiz norma qo‘llanilmaydi va tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi. Chegaradan oshib ketsa nima bo'ladi? Agar jo'natma yoki olib kelinayotgan mahsulotlar qiymati belgilangan me'yordan oshsa, belgilangan miqdordan oshib ketgan qismiga nisbatan 30 foiz miqdorida (biroq yagona bojxona to‘lovi tovarning har bir kilogrammi uchun 3 AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanadi) yagona bojxona to'lovi undiriladi. Masalan, kuryerlik orqali kelgan jo'natma $250 tursa (200$ dan 50$ ortiq), 30% to'lov faqat ortiqcha $50 miqdordan hisoblanadi (butun $250 dan emas). Shaxsiy foydalanish va tijorat maqsadi qanday farqlanadi? Agar bir turdagi mahsulotdan shaxsiy ehtiyojdan ortiq miqdorda olib kelsangiz (masalan, 10 dona bir xil telefon), bu miqdor bojxona organida tijorat maqsadi mavjudligi masalasini keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatda mahsulotingizga nisbatan tadbirkorlik faoliyati uchun belgilangan umumiy bojxona tartibi qo'llaniladi. Qonuniy asos Ushbu normalar quyidagi rasmiy hujjatlar bilan tartibga solinadi: O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-apreldagi 244-son qarori (2025-yil 1-maydan kuchga kirgan) bojsiz olib kirish normalarini belgilaydi; Prezidentning 2018-yil 19-iyuldagi PQ-3873-son qarori - xalqaro pochta va kuryerlik jo'natmalari nazoratini tartibga soladi; Prezidentning PQ-4508-son qarori (amaldagi tahrir; 2027-yildagi stavka o‘zgarishi ham ko‘rsatilgan): Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-son qarori (2026-yil 8-fevraldan kuchga kirgan) - kuryerlik jo'natmalarini bojxonada rasmiylashtirish tartibini belgilaydi. Xulosa Ko'rib turganingizdek, "bojxona to'lovi qancha bo'ladi?" degan savolning yagona javobi yo'q - javob siz tanlagan yetkazib berish usuliga bog'liq. Kichik, arzon buyumlar uchun oddiy pochta ($100), muntazam onlayn xaridlar uchun kuryerlik xizmati ($200/ kalendar oy), o'zingiz olib kelayotgan yirikroq xaridlar uchun esa transport turiga qarab $300-$1000 oralig'idagi normalar amal qiladi. Eng muhimi - bu raqamlar so'nggi bir necha oyda bir necha marta o'zgargan, shuning uchun katta xarid rejalashtirayotgan bo'lsangiz, jo'natishdan oldin joriy normani EMU Express operatorlari bilan tasdiqlab olishni tavsiya qilamiz.