Jarayon orti mashaqqatlari: jo'natmangiz manzilga yetguncha bosib o'tadigan yo'l

Mijoz uchun bir jo'natmani jo'natish oddiy ko'rinishi mumkin: qutini kuryerga yoki operatorga topshirasiz — bir kundan so'ng u qabul qiluvchi qo'lida bo'ladi. Ammo bu ikki nuqta orasida, ko'zdan yashirin holda, EMU Expressning 500 dan ortiq xodimi ishtirok etadigan ancha uzun va mas'uliyatli jarayon yotadi. Har bir xodim ish kunini boshlar ekan, jo'natmani shunchaki bir joydan ikkinchisiga eltish emas, balki uni yuborgan insonning ishonchini ham birga olib yurishini anglaydi. Qabuldan qadoqlashgacha Jo'natma qo'lga tushishi bilanoq, uning turiga qarab individual yondashuv boshlanadi. Mo'rt buyummi, qimmatbaho jihozmi yoki muhim hujjatmi — har biri o'ziga xos qadoqlash talablariga ega, va EMU jamoasining har bir a'zosi bu nozik jarayonlarni puxta biladi. Qadoqlangandan so'ng jo'natma endi oddiy buyum emas, balki butun jamoa mas'uliyat oladigan omonatga aylanadi. Raqamli tizim va nazorat Qadoqlangan jo'natma keyingi bosqichda raqamli tizimga kiritiladi: vazni aniq o'lchanadi, yuboruvchi va qabul qiluvchining ma'lumotlari (ism, manzil, telefon raqami) tasdiqlanadi, so'ng unga "yuk xati" yorlig'i yopishtiriladi. Kun davomida qabul qilingan barcha jo'natmalar birma-bir skanerdan o'tkaziladi, kechqurun esa "manifest" shakllantirilib, maxsus transport vositalarida tegishli saralash punktlariga jo'natiladi. Aynan shu bosqichma-bosqich aniqlik tufayli hech bir jo'natma yo'qolib qolmaydi. Saralashdan filialgacha Saralash punktiga yetib kelgan har bir jo'natma yana bir bor tekshiruvdan o'tadi, keyin manzil bo'yicha shahar va tumanlarga taqsimlanadi. Tarif turiga qarab yo'l ayriladi: ofisgacha yetkazib beriladigan jo'natmalar hududiy qabul-topshirish punktlariga, uygacha yetkazib beriladiganlari esa to'g'ridan-to'g'ri kuryerlarga o'tkaziladi. Filialdagi operator jo'natmani qabul qilgach, oluvchiga qo'ng'iroq qiladi va uni xabardor qiladi. So'nggi bosqich: kuryerdan mijozgacha Yo'lga chiqishdan oldin kuryer barcha buyurtmalarni reyestr asosida qabul qiladi va ehtiyotkorlik bilan mashinaga joylashtiradi. Manzilga yetgach, jo'natma mijozga topshiriladi va bu holat maxsus SMS-kod hamda mobil ilovadagi elektron imzo orqali tasdiqlanadi. Ba'zan bu yo'l kunduzi emas, tunda — uzoq masofalarga yo'l olgan haydovchilar tomonidan bosib o'tiladi. Ular tungi bedorlikni o'z burchi deb bilib, mingdan ortiq mijozning jo'natmasini sabr va mahorat bilan manziliga yetkazadi. Xullas, har bir muvaffaqiyatli yetkazilgan jo'natma ortida — operatorning tabassumi, qadoqlovchining ehtiyotkorligi, tungi haydovchining sabri va kuryerning bardoshi yotadi. Bularning barchasi bitta maqsad uchun: jo'natmangizni xavfsiz va o'z vaqtida yetkazish. Rustamjon Tojiboyev - Ishlab chiqarish va operatsion ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari