Kuryer-haydovchilar uchun kasbiy tavsiyalar

Bugun O'zbekistonda bozor jadal o'zgarmoqda: internet-savdo kuchayib, viloyatlararo yuk oqimi oshayapti, odamlar har xil turdagi mahsulotlarni — oziq-ovqatdan tortib dori-darmongacha — kuryer orqali buyurtma qilishga odatlanmoqda. Bu o'zgarish kuryer-haydovchi kasbini butunlay yangi darajaga ko'tardi. Bugun rul ortida o'tirgan kishini faqat "yuk tashiydi" deb o'ylash xato. U kompaniya obro'sini himoya qiluvchi, mijoz ishonchini qozonuvchi hamda savdo zanjiri uzluksizligini saqlovchi kuchga aylangan. Ammo, afsuski, ko'pchilik haydovchilar bu mas'uliyatni to'liq his etmaydi. Ushbu maqola orqali kuryer-haydovchilar uchun bugungi yangi mas'uliyatni to'g'ri anglab, o'z kasbidan maksimal naf va qiymat yaratish sirlarini bayon etishni niyat qildik. Siz asli kimsiz? Siz o'z kasbingizni "haydovchi" deb tavsiflaysiz. Ammo amaliyotda sizdan kutilayotgan qiymat faqat mashina haydash emas. Bilingki, har kuni yo'lga chiqishdan oldin siz bir vaqtning o'zida logist (marshrutni rejalashtirasiz), navigator (yo'lni topasiz), texnik (mashinani nazorat qilasiz), psixolog (mijoz bilan muomala qilasiz) va moliyaviy menejersiz (yoqilg'i, vaqt, xarajatni boshqarasiz). Demak, siz endi faqat haydovchi emassiz, balki bir nechta mutaxassislikni o'z ichiga olgan, qadri oddiy haydovchinikidan ancha yuqori bo'lgan professional kuryer-haydovchisiz! Professional haydovchining kunlik 7 odati “Yo'lda eng katta ustunlik tezlik emas, mas'uliyat. Logistika bozorida eng katta qiymat esa ishonch.” Kundalik ish odatlari haydovchini oddiy haydovchidan professional kuryer-haydovchiga aylantiradi. Quyidagi 7 qoidani kundalik odatiga aylantira olgan haydovchi kamroq muammoga uchraydi, ko'proq buyurtma bajaradi va ko'proq pul ishlab topadi: 1. Yo'lga chiqishdan oldin, albatta, avtomobilni tekshiradi — shina, moy, tormoz, chiroqlar va yuk holati; 2. Marshrutni oldindan rejalashtiradi — tig'iz vaqtlar va muqobil yo'llarni oldindan biladi; 3. Buyurtma ma'lumotlarini qayta tasdiqdan o'tkazadi — mijoz manzili, telefon ma'lumotlari va qo'shimcha eslatmalar; 4. Harakat vaqtida mobil telefonga chalg'imaslik yo'llarini rejalashtiradi — navigatorni oldindan tayyorlab oladi; 5. Yoqilg'i hisobi nazoratini amalga oshiradi — yoqilg'i quyish shahobchalarigacha kutilmaganda yoqilg'i tugab qolish holatlaridan saqlanadi; 6. Vaqt zahirasi qoidasiga amal qiladi — doimo 10–15 daqiqa avval jo'naydi; 7. Mijoz bilan xushmuomala bo'ladi — hatto mijoz nohaq bo'lgan taqdirda ham. Mijoz bilan professional muomala Ko'pchilik haydovchilar mijoz eshigiga borib, buyurtmani berib tez ortga qaytadi, ammo professional kuryer-haydovchi bu jarayonga nisbatan professionalroq munosabatda bo'ladi. Professional kuryer-haydovchi mijoz bilan salomlashadi, o'zini tanishtiradi, mijozga buyurtmani tasdiqlatadi va qaytish oldidan mijozga yaxshi tilaklar va minnatdorchilik bildiradi. Umuman olganda, aynan shu jarayon mijozning yana buyurtma berish yoki bermasligini belgilaydi. Xushmuomala kuryer-haydovchi mijozlarni qayta buyurtma berishga rag'batlantiradi — bu esa to'g'ridan-to'g'ri kompaniya daromadiga ta'sir qiladi. Mijoz bilan muomalada qat'iy yodda tuting: ● Kechikayotgan bo'lsangiz, oldindan xabar berib, uzr so'rang; ● Buyurtmada xato bo'lsa, sabr va bosiqlik bilan tushuntiring va aslo mijoz bilan bahslashmang; ● Mijozning to'lov qobiliyatida muammo bo'lsa, tanqid qilmang, shunchaki operatorga xabar bering; ● Hech qachon mijoz bilan bahs yoki janjal qilmang; ● Telefoningizni ish paytida doimo faol holatda tuting. Mashinangiz — daromadingiz Mashinangiz ishlamasa, siz ham ishlay olmaysiz. Bu haqiqat aslida juda oddiy, ammo ko'pchilik buni negadir kechikib — mashina yo'l o'rtasida to'xtaganda — tushunadi. Umuman olganda, muntazam texnik xizmat xarajat emas, investitsiya hisoblanadi. Har oyda bir marta jiddiy, har safar oldidan esa tezkor moy, tormoz suyuqligi, shina havosi va akkumulyatorni tekshirish aslida juda ko'p vaqt olmaydi. Ammo bu sizni yo'l o'rtasida to'xtab qolish xavfidan, qimmat ta'mir xarajatlaridan va mijoz oldidagi noqulay vaziyatlardan saqlaydi. Oylik texnik nazorat ro'yxati: ● Motor moyi va tormoz suyuqligi sathi; ● Shina havosi va protektor qalinligi; ● Akkumulyator zaryadi va klemmalar; ● Old-orqa va burilish chiroqlari (povorotnik); ● Tormoz pedali va rul lyufti. Texnologiya — yordamchingiz Bugun mobil ilovalar, onlayn-buyurtma tizimlari va raqamli navigatorlar haydovchi ishini osonlashtirmoqda. Ammo ba'zi haydovchilar hali ham telefonga "kam ishonadi". Bu katta xato. Navigator eng optimal yo'lni tanlash orqali vaqtingizni tejaydi va yoqilg'i xarajatingizni kamaytiradi. Navigator bilan yaxshi ishlaydigan haydovchi kuniga 5–10 ta ortiqcha buyurtma bajarishga ulguradi, bu esa bevosita uning daromadini oshiradi. Texnologiyadan unumli foydalanishni o'rganing: Google Maps, Yandex Navigator yoki ish beruvchingiz tavsiya etgan boshqa ilova. Safar oldidan har kuni marshrut holatini tekshirib, vaqt rejasini tuzing. Yo'ldagi xavfsizlik — o'zingiz va oilangiz uchun Yo'l-transport hodisalarining asosiy sabablari — yo'lda chalg'ish, ortiqcha tezlik va charchoq. Aslida, bu sabablarning har uchalasi ham haydovchi nazorat qila oladigan narsalardir. Charchaganda mashina haydamaslik — bu zaiflik emas, aksincha, aqllilik belgisi. Zarur holatlarda 20 daqiqalik uyqu sizning eng qimmatli narsangizni — umringizni saqlab qoladi. Ish smenasi 8 soatdan oshsa, har 2 soatda 10 daqiqa to'xtab dam olish tavsiya etiladi. “Professional haydovchi unutmasligi zarur bo'lgan qoida: yo'l hazilni kechirmaydi!” Kiyinish va tashqi ko'rinish — kichik, ammo muhim element Zamonaviy logistika kompaniyasi haydovchisi — kompaniyaning mijoz oldidagi "yuzi" hisoblanadi. Kiyimingiz toza bo'lishi, sochingiz tartibli bo'lishi, sizdan yoqimsiz hid kelmasligi — bularning barchasi mijoz xotirasida kompaniya haqida tasavvur shakllantiradi. Bir qarashda bu elementlar juda kichik narsaday ko'rinsa-da, mijozlar aksariyat hollarda xizmat sifatini haydovchining tashqi ko'rinishiga qarab baholaydi. Toza, tartibli kuryer ishonchli kompaniya tasavvurini uyg'otadi. Daromadingizni qanday oshirish mumkin? Ko'pchilik haydovchilar "ko'p ishlash — ko'p daromad" qabilida fikr yuritadi. Aslida esa "aqlli ishlash" ko'p daromad topishning eng ishonchli manbaidir. Daromadni oshirishning asosiy yo'llari: ● Mijozlarni rozi qilish — bu baraka olib keladi; ● Marshrutni optimallashtirish — bir yo'lda ketma-ket bir nechta buyurtmani bajarish; ● Yoqilg'i tejash — mashinani bir xil tezlikda haydash, motorni toza saqlash va to'g'ri havo bosimiga e'tibor qaratish; ● Mashinani buzilishidan oldin nazoratdan o'tkazish — bu ta'mir xarajatlarini minimallashtiradi. Siz faqat yuk tashimaysiz... Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, haydovchi-kuryerlik kasbi — oddiy kasb emas. Bu sabr, mas'uliyat, intizom, insoniylik va ishonch kasbi! Bugun rul ushlab yo'lga chiqqan har bir kuryer-haydovchi shuni unutmasligi kerak: siz faqat buyurtma yetkazmayapsiz — siz kompaniyaning va'dasi, obro'si, mijoz ishonchi va butun tizimning harakatini aks ettirasiz. Yo'llar uzoq bo'lishi mumkin, lekin halol va professional haydovchining qadri har doim undan ham uzoqroq bo'ladi. Haqiqiy haydovchi yo'lda emas, odamlar qalbida iz qoldiradi! Jobir Ikromov, Logistika bo'yicha direktor o'rinbosari