Nega jo'natma narxi 1 kilogacha yaxlitlanadi?

Ko'pchilik mijozlarimizdan "Nega mening 150 grammli yukim ham, deyarli 1 kiloga yetgan jo'natmam ham bir xil narxda hisoblanadi?" mazmunidagi savollarni tez-tez eshitamiz. Keling, bu chalkashlikni bir qancha misollar bilan — avval kundalik hayotdagi holatlar, so'ngra odatda narxini grammlab hisoblaydigan iPost va Tez-Tez kabi kompaniyalar bilan solishtirma tahlil orqali tushuntirib beramiz. Taksi misoli bilan boshlaymiz Viloyatlararo qatnaydigan taksini eslang: haydovchi ozg'in yo'lovchidan ham, vazni ancha og'irroq yo'lovchidan ham bir xil yo'l haqi oladi. Nega? Chunki mashina har bir mijoz uchun bir xil yo'lni bosib o'tadi, bir xil yoqilg'i va manzilga yetkazish uchun deyarli bir xil vaqt sarflaydi — yo'lovchining vazni esa u to'laydigan yo'l haqiga deyarli ta'sir qilmaydi. Bizning ishimiz ham xuddi shunday: kuryerimiz 150 grammli konvertni ham, 1 kilolik qutini ham bir xil mashinada, bir xil yo'nalishda va bir xil vaqt sarflagan holda olib boradi. Yoqilg‘i, vaqt va kuryer mehnati — har ikki hajmdagi yuk uchun deyarli bir xil. Samolyot yuk normasi bilan tushuntiramiz Chiptangizga kiritilgan bagaj normasini eslang — masalan, 20 kg gacha yuk olib yurish huquqi chipta narxining ichida bo'ladi. Bagajingizdagi yuk 5 kg bo'ladimi yoki 19 kg ga yaqinlashadimi — bilet narxi o'zgarmaydi. Asosiy mavzudan biroz tashqari bo'lsa-da, qiziqarli fakt: aeroportlarda yo'lovchining o'z vazni bilet narxida hisobga olinmaydi. Masalan, 70 kilo vaznga ega yo'lovchi o'zining 20+1 kg yuki uchun aeroport xodimlari bilan qo'shimcha to'lov borasida jiddiy bahslashayotgan bir paytda (umumiy vazn: 70+21=91 kg), 150 kilo vaznga ega boshqa bir yo'lovchi 20 kg yuk bilan hech qanday muammosiz (umumiy vazn: 150+20=170 kg) samolyotga o'tiraveradi. Xitoydan yuk olib keladigan kuryerlik kompaniyalari bilan solishtirsak Ko'pchilik mijozlarimiz Xitoydan (Pinduoduo, Temu, Taobao kabi platformalardan) mahsulot buyurtma qilganda, kuryerlik kompaniyalari mahsulot og'irligiga qarab, har bir grammga mos narx hisoblashiga ko'nikib qolgan. Shu sababli EMU'ning "birinchi kilo uchun yaxlit narx" tizimi bir qarashda qimmatdek tuyulishi mumkin. Ammo bu ikki turdagi kompaniyalarning narx siyosati ma'lum sabablarga ko'ra bir-biridan keskin farq qiladi. Xitoydan yuk tashuvchi kompaniyalar odatda har bir kilogramm uchun taxminan 6 dollar atrofida differensiallanmagan (ya'ni keyingi har bir qo'shimcha kilogramm uchun ham bir xil — 6 dollardan) tarif belgilaydi. EMU esa birinchi kilogramm uchun hududga qarab 25–35 ming so'm (2–3 dollar atrofida), keyingi har bir qo'shimcha kilogramm uchun esa ancha arzonroq — 6–8 ming so'm (0,5–0,6 dollar atrofida) narx hisoblaydi. Ikki xil kompaniya — ikki xil biznes modeli Aslida, bu ikki xil narx siyosati kompaniyalarning mijozlar tarkibi turlicha ekanligidan kelib chiqadi: Xitoydan yuk tashiydigan kompaniyalarning asosiy mijozlari ko'pincha katta hajmda, bir necha kilogrammlab mahsulot buyurtma beradi. Shu sababli, ular 1 kilolik yuk uchun 6 dollar, 5 kilolik yuk uchun esa 30 dollar (5×6$) xizmat haqi oladi. Kichik hajmli yuklarga grammlab narx belgilashsa-da, bu ularning umumiy daromadiga sezilarli salbiy ta'sir ko'rsatmaydi. EMU Express jo'natmalarining katta qismi, aksincha, kichik hajmli (bir necha yuz grammli) yuklardan iborat. Biroq, xuddi katta jo'natmadagidek, bunday kichik yukni ham manziliga yetkazish uchun bitta kuryer, bitta avtotransport va bir xil vaqt sarflanadi. Odatda, psixologik jihatdan Xitoy kuryerlari orqali kichik hajmli (grammli) yuk olib kelgan yoinki EMU orqali kattaroq hajmli yuk yuborgan mijoz o'zini ancha foydada his qiladi. Xulosa qilib aytganda, har ikki turdagi kompaniya ham o'z mijozlari tarkibiga mos, o'ziga xos mantiqiy narx siyosatini yuritadi — biri asosan og'ir yuklarga, ikkinchisi esa ko'plab kichik jo'natmalarga moslashgan. Ikkala model ham to'g'ri, faqat turli xil ehtiyojlarga xizmat qiladi. Darvoqe, faoliyat turi EMU Express'ga yaqin bo'lgan DHL va FedEx kabi xalqaro kuryerlik gigantlari ham xuddi shunday "birinchi yarim kilo yoki birinchi kilo uchun yaxlit narx" siyosatidan foydalanadi. Umid qilamizki, berilgan misollar va solishtirma tahlilimiz orqali EMU Express narxlarining qanchalik asosli va adolatli ekanini tushuntirib bera oldik. Biz uchun eng muhim qadriyat — tezlik va ishonchlilikdir. Yuklaringizni o'z manziliga tez va bus-butun yetkazishni o'zimizning eng oliy mas'uliyatimiz deb bilamiz. Fikringiz biz uchun muhim Agar tariflarimiz yoki narxlarimiz bo'yicha hali ham savol yoki takliflaringiz bo'lsa, izohlarda yozib qoldiring yoki operatorlarimizga murojaat qiling. Sizni tinglashga doimo tayyormiz! Umidjon Axunjonov - Marketing va sotuv bo'yicha mutaxassis