Pochta indeksi nima va uni qanday o'qish kerak?

Har birimiz onlayn buyurtma berganimizda yoki joʻnatma yuborganimizda, “pochta indeksi”ni kiritish soʻraladi. Koʻpchilik odatda bu qismga bir dona bir va beshta nol, yaʼni 100000 raqamini yozib qutuladi. Aslida esa ushbu olti xonali raqamning har bir juftligi aniq maʼnoga ega boʻlib, ularni toʻgʻri koʻrsatish joʻnatmaning tezroq va xatosiz yetib borishiga bevosita taʼsir qiladi. Keling, Oʻzbekistonda pochta indeksi qanday tuzilganini, har bir raqamlar juftligi qanday maʼno bildirishini va bu tizim dunyoning boshqa davlatlaridan qanday farq qilishini koʻrib chiqamiz. O'zbekiston pochta indeksini qanday o'qish kerak? Oʻzbekistonda pochta indeksi olti xonali raqamdan iborat boʻlib, u asosan ikki xil formatda tuziladi. Bu formatlar viloyatlar hamda Toshkent shahri uchun maxsus tizimni aks ettiradi. Yaʼni Toshkent shahri oʻzining alohida uch xonali bosh kodiga ega (100) boʻlsa, qolgan barcha viloyatlar kodi ikki xonali raqam bilan boshlanadi: 10–11 — Toshkent shahri va Toshkent viloyati; 12 — Sirdaryo viloyati; 13 — Jizzax viloyati; 14 — Samarqand viloyati; 15 — Fargʻona viloyati; 16 — Namangan viloyati; 17 — Andijon viloyati; 18 — Qashqadaryo viloyati; 19 — Surxondaryo viloyati; 20 — Buxoro viloyati; 21 — Navoiy viloyati; 22 — Xorazm viloyati; 23 — Qoraqalpogʻiston Respublikasi. Esingizda boʻlsa, avtomobil raqamlarining eski tizimida dastlabki ikkita raqam aynan viloyatning pochta indeksiga asoslangan edi. Oʻsha paytda Andijon avtomobillariga 17, Toshkent shahri avtomobillariga esa 10 seriyali davlat raqamlari berilgan. Umumiy qoidaga koʻra, agar olti xonali indeksni koʻrsangiz — masalan, 220605 — uning dastlabki ikki raqami viloyatni (22 — Xorazm viloyati), keyingi ikkitasi tumanni (06 — Qoʻshkoʻpir tumani) va soʻnggi ikkitasi tuman ichidagi maʼlum bir hudud yoki aloqa boʻlimini (05 — Xonobod zonasi) bildiradi. Shahar kodi va indeks bir xil narsami? www.emu.uz saytidagi indeks jadvallarini diqqat bilan koʻzdan kechirsangiz, har bir hudud uchun ikkita olti xonali raqam borligini payqashingiz mumkin: Indeks (masalan, 110100) va Shahar kodi (masalan, 386906). Koʻpchilik aynan mana shu ikki xil olti xonali kodni oʻzaro chalkashtirib yuboradi. Aslida esa, bular butunlay boshqa-boshqa tizimlardir: Indeks — joʻnatma jismonan qaysi manzilga yetkazilishi kerakligini koʻrsatuvchi pochta kodi. Konvert yoki qutiga aynan shu raqam yoziladi. Shahar kodi — Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy birliklarini belgilash tizimi (SOATO) boʻyicha berilgan statistik-maʼmuriy kod. U asosan davlat statistikasi, soliq va rasmiy hisobotlarda hududni aniqlash uchun ishlatiladi hamda pochta joʻnatmasiga bevosita aloqador emas. Oddiy qilib aytganda, joʻnatma yuborishda faqat "Indeks" ustunidagi raqam kerak boʻladi. "Shahar kodi" esa ichki rasmiy va statistik maqsadlar uchun xizmat qiladi. Dunyoda yagona pochta indeksi standarti bormi? Dunyoda yagona pochta indeksi tizimi mavjud emas. Butunjahon pochta ittifoqi (Universal Postal Union — UPU, pochta sohasidagi asosiy xalqaro tashkilot) barcha davlatlar uchun majburiy boʻlgan yagona indeks formatini joriy etmagan. Biroq UPU tashkilotining maxsus UPU S42 standarti mavjud boʻlib, u indekslarning oʻzini emas, balki manzillarni shakllantirish uchun umumiy andoza hisoblanadi. Bunda har bir davlat oʻz indeks tizimini saqlab qoladi, S42 standarti esa xalqaro joʻnatmalarda manzil elementlari (koʻcha, uy, shahar, indeks) qaysi tartibda yozilishi kerakligini belgilab beradi. Bugungi kunda dunyoda 116 dan ortiq davlat oʻz pochta indeksiga ega, lekin ularning formati bir-biridan tubdan farq qiladi: Koʻrib turganingizdek, baʼzi davlatlarda indeks faqat raqamlardan, baʼzilarida esa harf va raqam aralashmasidan iborat. Indekslar uzunligi ham hududiga qarab 4 tadan 7 tagacha belgi atrofida oʻzgarib turadi. O'zbekiston tizimi qaysi “oilaga” mansub? Oʻzbekistonning olti xonali, faqat raqamlardan iborat pochta indeksi tizimi sobiq ittifoq hududida amal qilgan yagona pochta indeksatsiyasi tizimiga borib taqaladi. Aynan shu sababli Oʻzbekiston indeksi Rossiya, Qozogʻiston, Belarus va boshqa MDH davlatlari indekslari bilan bir xil mantiqqa (oltita raqam, hududiy kod bilan boshlanish) ega. Nega indeksni aniq bilishimiz kerak? Amaliy jihatdan, indeksni toʻgʻri va toʻliq koʻrsatish quyidagi jarayonlarga bevosita ijobiy taʼsir qiladi: Saralash tezligi — avtomatlashtirilgan saralash markazlari indeksni oʻqib, joʻnatmani toʻgʻridan-toʻgʻri kerakli hududiy filialga yoʻnaltiradi. Notoʻgʻri yoki toʻliqsiz yozilgan indeks esa pochta xodimlaridan qoʻlda qoʻshimcha tekshiruv oʻtkazishni va ortiqcha vaqt sarflashni talab qiladi; Xatolik ehtimolini kamaytirish — ayniqsa nomlari oʻxshash boʻlgan shahar yoki tumanlar mavjud boʻlganda (masalan, bir nechta viloyatda bir xil nomli qishloq yoki koʻchalar uchrashi mumkin), indekslar joʻnatma manzilini adashmasdan aniq farqlash imkonini beradi; Xalqaro joʻnatmalarda ishonchlilik — xorijga joʻnatma yuborayotganda qabul qiluvchi davlatning oʻziga xos indeks formatini (masalan, AQSH uchun 5 xonali ZIP kodni, Buyuk Britaniya uchun harf-raqamli pochta kodini) toʻgʻri kiritish yukning yoʻqolmasdan va tez yetib borishini taʼminlaydi. Xulosa Agar manzilingiz yoki joʻnatma yuborishingiz kerak boʻlgan hududning aniq indeksini bilmasangiz, uni qoʻlda qidirib oʻtirishga hojat yoʻq. Siz EMU Express indeks qidiruv tizimi orqali kerakli manzilni kiritib yoki xaritadan hududni tanlab, bir necha soniyada aniq indeksni topishingiz mumkin. Shuningdek, maxsus maʼlumotnoma sahifasida Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha indekslarni qulay jadval koʻrinishida koʻrib chiqish imkoniyati mavjud. Umidjon Ahunjonov — Marketing va sotuv mutaxassisi