Jo'natmaga shikast yetsa yoki u yo'qolib qolsa, nima qilish kerak?

Avvalo, faxr bilan shuni ta'kidlashimiz lozimki, EMU Express faoliyatida jo'natmalarga shikast yetishi yoki ularning yo'qolib qolishi holatlari juda kam uchraydi. Sifat nazorati bo'limining 2026-yil birinchi yarim yilligi bo'yicha ichki hisobotiga ko'ra, jo'natmaga shikast yetishi yoki uning yo'qolib qolishi holatlari umumiy jo'natmalar miqdorining atigi 0,001 foizini tashkil etadi. Bu degani, har 100 000 ta jo'natmadan bittasigina shikastlanishi (yoki juda kam hollarda yo'qolishi) mumkin. EMU Express ISO 9001:2015 sertifikatiga ega bo'lib, bu kompaniya faoliyatining Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) talablariga muvofiqligini, o'z navbatida, ko'rsatilayotgan xizmatlarning har bir bosqichi nazoratga olinganini bildiradi. Boshqacha qilib aytganda, garchi yo'qolish va shikastlanish holatlari juda kam bo'lsa-da, kompaniya bunday holatlarni nolga tushirish uchun maxsus bo'lim - Sifat nazorati bo'limini tashkil etgan. Ayni shu bo'lim jo'natmalarning harakati bo'yicha jarayonni to'liq nazorat qilib boradi. Xo'sh, agar jo'natmangiz shikastlansa yoki yo'qolsa, nima qilishingiz kerak? Jo'natmani qabul qilayotganda tekshiring Mijoz sifatida jo'natmani, albatta, operator yoki kuryer ko'z oldida ochib, vizual tekshirib olishingiz shart. Agar mahsulotga biror shikast yetganini aniqlasangiz, holatni o'sha zahoti kuryer yoki operator guvohligida rasm yoki video ko'rinishidagi dalil (hisobot) sifatida qayd eting. Diqqat: Agar jo'natmangizni kuryer yoki operator guvohligida tekshirib olmasangiz va shikastlanish jo'natmani uyga olib borganingizdan keyin ma'lum bo'lsa, EMU Express ushbu zarar uchun javobgarlikni o'z bo'yniga olmaydi. Shuning uchun jo'natmani shaxsan o'zingiz yoki uchinchi shaxs (masalan, taksi haydovchisi) qabul qilib olgan taqdirda ham, uni kuryer yoki operator guvohligida tekshirib olish zarurligini unutmang. Ichkarida jarayon qanday ishlaydi? Har bir murojaat Sifat nazorati bo'limi tomonidan alohida tekshiriladi: ombor va yo'l kameralari (kamera ma'lumotlari odatda 15 kungacha saqlanadi), skaner ma'lumotlari hamda jo'natma raqami orqali aynan qaysi bosqichda va kimning aybi bilan muammo yuz bergani aniqlanadi. Agar jo'natma to'g'ri qadoqlangan va barcha ehtiyot choralari doirasida tashilgan bo’lsa-yu, shunga qaramay yo'lda shikastlangan bo'lsa, o'rganish xulosasiga asosan mahsulot qiymati to'liq yoki qisman EMU Express hisobidan qoplanadi. Agar xatolik ichki tizimda yuz bergan bo'lsa, mas'ul bo'lim aniqlanib, zarar aynan o'sha bo'lim tomonidan qoplanadi. Har qanday holatda ham mijoz o'z aybi bo'lmagan zarar uchun javobgar bo'lmaydi. Jo'natma shikastlanishi yoki yo'qolishi bo'yicha aybdorni izlash va topish uchun ichki jarayon qancha vaqt olishidan qat'i nazar, mijozning shikast yoki yo'qotish orqali yuzaga kelgan zarari kafolatlangan 3 ish kuni ichida hal qilib beriladi. Muddatlar Davlat qonunchiligiga ko'ra, fuqarolar murojaatlari odatda 14 kun ichida ko'rib chiqilishi kerak. Biroq EMU Express bu muddatni sezilarli darajada qisqartirgan - mijozning shikastlangan yoki yo'qotilgan buyumlar bo'yicha murojaatlari kafolatlangan 3 ish kuni ichida ko'rib chiqilib, yakuniy hal qilinadi. Kompensatsiya qanday ishlaydi? Jo'natmangizni topshirayotganda mahsulot qiymatini e'lon qilasiz va bu qiymat tizimga kiritiladi. Qiymatni e'lon qilish xizmati mahsulotning e'lon qilingan qiymatidan 1 foiz miqdorida hisoblanadi. Masalan, jo'natmangizning e'lon qilingan qiymati 1 mln so'm bo'lsa, yetkazib berish xizmati haqidan tashqari, qiymatni e'lon qilish xizmati uchun alohida 10 ming so'm to'laysiz. Agar jo'natmaga yo'l davomida shikast yetsa, aynan shu e'lon qilingan miqdor (ya'ni 1 mln so'm) to'liq qoplab beriladi. Agar jo'natma qiymati mijoz tomonidan pasaytirib ko'rsatilgan bo'lsa, zararni qoplashda bozor qiymati emas, aynan e'lon qilingan qiymat asos qilib olinadi. ⚠️ Agar jo'natmani topshirayotganda uning qiymatini e'lon qilmasangiz, u yo'qolgan yoki shikastlangan taqdirda, jo'natmani yuborish xizmati narxining ikki barobari miqdorida kompensatsiya to'lanadi. Ya'ni, 1000 dollarlik iPhone qiymati e'lon qilinmasdan jo'natilsa va u shikastlansa yoki yo'qolsa, 1000 dollar emas, balki shu jo'natmani yuborish xizmati haqi (masalan, taxminan 50 ming so'm) summasining ikki barobari - 100 ming so'm miqdorida kompensatsiya beriladi. Ammo, odatda bu kabi keyslar chuqurroq o'rganish va tahlillarga asosan xulosalanadi. Qisman yoki to'liq qoplash masalalari Shikastlangan buyumning holatiga qarab, zararni qoplash miqdori o'sha buyumning e'lon qilingan to'liq qiymati yoki uning bir qismi miqdorida bo'lishi mumkin. Masalan, noutbukning faqat ekrani (monitori) shikastlangan bo'lsa, noutbukning to'liq qiymati emas, balki uni ta'mirlash yoki ekranini butunlay yangilash xarajatlari EMU Express tomonidan qoplab beriladi. Biroq, agar mahsulot sifatida yuborilgan avtomobil oynasi (butun avtomobil emas) darz ketgan bo'lsa, bu zarar to'liq - ya'ni yangi oyna qiymati darajasida qoplanadi. Bizning qadriyatimiz - tezlik va ishonch Mijozlar ishonchi EMU Express jamoasi uchun eng oily qadriyatdir. Shu sababli ham har bir jo'natma ortida shaffof va aniq javobgarlik tizimi yaratilgan. Savollaringiz bo'lsa, operatorlarimiz sizga har doim yordam berishga tayyor! Koll-markaz: +998 71 200 96 69 Sifat nazorati bo'limi: +998 93 381 13 56